Udmurt xalq maqollari

• Shamolsiz zarangning yaprog‘i ham shitirlamaydi.

• Suzag‘on sigir shoxsiz buzoq tug‘adi.

• Bo‘rini qo‘yga aylantirib bo‘lmaydi.

• Oqargan ko‘ylakni yangi qilolmaysan.

• Ikki ayiq bir uyaga sig‘maydi.

• Turna turnani doim topadi.

• So‘rov uchun yuzga urmaydilar.

• Qaerga yiqilishimni bilganimda somon to‘shab qo‘yardim.

• Ba’zida qarg‘a ham kakkuni tarbiyalaydi.

• Tolni kesib tashlasang ham baribir tagidan chiqaveradi.

• Yelimli daraxtga yopishsang, kir bo‘lasan.

• Ponani pona bilan qoqadilar.

• Mushuk qaymoqni qo‘riqlolmaydi.

• O’rin yumshoq bo‘lsa qattiq uxlaysan.

• Qo‘ldagi yiring butun badanni og‘ritadi.

• Yomon urug‘dan yomon meva olasan.

• Mehnat bilan qo‘ling uzilib qolmaydi.

• Chetan ekib olma kutma.

• O’lgan mol ― sutli.

• Bug‘doy ekib ― kurmak oldi.

• Bo‘ri qochgandan so‘ng, o‘q otmaydilar.

• G’ichirlagan daraxt uzoq turadi.

• Qaymoq tagiga cho‘kadi.

• Bulut bor ― yomg‘ir bor.

• Birovning yiringi og‘rimaydi.

• Otning to‘rtta oyog‘i bor, shunda ham qoqiladi.

• Bir kallada ― bir aql, ikki kallada ― ikki aql, qo‘shni va qabilaning aqli ― hammaga aql.

• Yog‘ochning ikki uchi bor.

• Popning yengi uzun, cho‘ntagi chuqur.

• Popning ildida xoch, orqasida qop.

• Yo‘qolgan pichoqning sopi oltindan.

• Eshitganni ko‘rgan bilan solishtirib bo‘lmaydi.

• Yaxshi xotin ― yarim davlat.

• Bitta oyna bilan butun ko‘chani ko‘rib bo‘lmaydi.

• Asli qora oq qilib bo‘lmaydi.

• Birovning aqli bilan uzoq yasholomaysan.

• Qalpoqning qaysi tomonini kiysang ham qalpoqligicha qoladi.

• Unga moy ham achchiq, ochligida suv ham shirin edi.

• Til ignadan o‘tkir.

• Tilning uzangisi yo‘q.

• Qirg‘iy qirg‘iyning ko‘zini cho‘qimaydi.

• Tongsiz shom ham tushmaydi.

• Farosatsizga go‘zal xotin uchraydi, go‘zal erkakka ― farosatsiz.

• Qo‘y bo‘lsang bo‘rilar topib oladi.

• Asal bo‘lsa pashsha topiladi.

• Yurakning o‘ti bor, lekin tutuni yo‘q.

• Begonaning chanasida o‘tirma.

• Sigirning dumi kimning qo‘lida bo‘lsa, sigir ham unga tegishli.

• Bahor yana qaytadi, aytilgan so‘zni qaytarib bo‘lmaydi.

• Hamma narsa o‘z joyida yaxshi.

• Hamma ish o‘z vaqtida bajarilgani yaxshi.

• O’zing boqqan it o‘zingni tishlaydi.

• Boshdan yuqoriga sakrolmaysan.

• Ko‘zni quloq bilan taqqoslab bo‘lmaydi.

• Mehmon ham, mezbon ham ― barobar.

• Hadya qilingan otning tishiga qaramaydilar.

• Kun ― uzoq, asr ― qisqa.

• Sichqonga mushuk ham qo‘rqinchli hayvon.

• Saxiy doim karamli.

• Bir shox uzilsa, boshqa novda o‘sib chiqadi.

• Xotin chiroyli, qizi undan chiroyli.

• It va mushukday birga yashaydilar.

• So‘ragan og‘izga urmaydilar.

• Yomon odam o‘zini ham yomon ko‘radi.

• Ilon oq bo‘lsa ham, qora bo‘lsa ham baribir ilon.

• Bilimning oxiri yo‘q.

• O’rmondagi daraxtlar ham yolg‘iz emas.

• Osmondagi yulduzlar ham yolg‘iz emas.

• Oz bo‘lsayam yetadi, ko‘p bo‘lsa tez tugaydi.

• Barmoq ham qisqa bo‘ladi, odamlar ham bir xil emas.

• Barmoqlar ham bir xil emas.

• Daryo ham o‘zanini o‘zgartiradi.

• Buzoqcha ham qachondir sigir bo‘ladi.

• Igna kichik bo‘lsa ham hammani kiyintiradi.

• Shoshilgan suvarak sho‘rvaga tushib qoladi.

• Qari qarg‘a bekorga qag‘illamaydi.

• Eski yangi bilan almashadi, yosh ― qari bilan.

• Qari tulkini tutish qiyin.

• It mushuk bilan do‘stlasholmaydi.

• Hamma juftini o‘zi topadi.

• Sardor qanday bo‘lsa, jamoa ham shunday.

• Ishchining qandayligi ishga bog‘liq.

• Piyoz yemagan odam sasimaydi.

• Kim mehnatdan o‘libdi?

• Jajji buzoqcha ikki onani emadi.

• Yuvosh mushuk qattiq changallaydi.

• Yuvosh odam qattiq tishlaydi.

• Faqat dangasagina kambag‘allashadi.

• Yo‘lning cheti bor, oxiri yo‘q.

• Quyonning oyog‘i uzun, dumi kalta.

• Haqiqatning yo‘li bitta, yolg‘onniki ko‘p.

• Yolg‘on bir oyoqda turadi, haqiqat ― ikki oyoqda.

• Gapirishni sevsang eshitishni ham sev.

• Kichik oyog‘i bilan tirik, qari ― boshi bilan.

• Chumoli oz bo‘lsa-da, tog‘ni kemiradi.

• Bir poy chang‘ida ucholmaysan.

• Bizning Ivan otga sakradi: dumiga uzangini qadadi, aravaga yem berdi, otning oyog‘ini moyladi.

• Xo‘rozdan tuxum kutma.

• Qiyinchilik ko‘rmasdan aqling kirmaydi.

• Ayiq bilan bir qopga tushma.

• Yig‘lamagan bolani uxlatmaydilar.

• Hech kim o‘limdan qutulgan emas.

• Sovg‘aning narxini so‘ramaydilar.

• Yolg‘on bilan to‘yib qolmaysan.

• Chiroyli kiyim kiysang, chiroyli bo‘lasan, xunuk kiyim kiysang ― xunuk.

• Yolg‘iz odamga doim zerikarli.

• Bitta qo‘y butun podani qo‘rqitadi.

• Bitta asalari ko‘pgina asalni yig‘olmaydi.

• Kech qolgan qarg‘a burnini tozalaydi.

• Kuzda kun yetti marta o‘zgaradi.

• Qarg‘adan bulbul tug‘ilmaydi.

• Erkak echkidan jun ham yo‘q, sut ham yo‘q.

• O’z soyangdan qocholmaysan.

• Itning dumini kesganing bilan qo‘yga aylanib qolmaydi.

• Qalampirni achchiqligi uchun tashlab yubormaydilar.

• Birgalikda kuylagan yaxshi, alohida gaplashgan yaxshi.

• Yig‘i bilan darddan qutulmaysan.

• O’limdan so‘ng insondan nom qoladi, ayiqdan ― teri.

• Yo‘qotilgan narsani yig‘i bilan topolmaysan.

• Rostlik yolg‘onni mag‘lub qiladi.

• O’ng qo‘lni chap qo‘l bilan alishtirmaydilar.

• Och qolsang, yog‘siz non ham laziz.

• Erta turish baxtga yetaklaydi.

• Erta turgan hakka och qolmaydi.

• Ona ― issiq, o‘gay ― sovuq.

• O’tirsang, o‘z chanangga o‘tir.

• Oy ham yorug‘, lekin Quyoshdek emas.

• Cho‘chqa osmonga qaramaydi.

• Chin dildan aytilgan so‘z uchta qishni isitadi.

• Aytilgan so‘zni orqaga qytarib bo‘lmaydi.

• Qancha yuvinsang ham suvdan ko‘ra toza bo‘lmaysan.

• Quyonning izi ayiqning iziga olib boradi.

• Ko‘r tovuqqa hamma narsa ― don.

• So‘z toshni yoradi.

• Tashi chiroyli, ichi bo‘sh.

• It hurar ― shamol esar.

Davronbek Tojialiyev tarjimalari

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *